12.06.2026
Toshkent shahrida tibbiy turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Birodar shaharlar alyansi hamkorligida tashkil etilgan anjuman “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish: xorijiy bemorlarni jalb etish va tibbiyotning xalqaro nufuzini oshirish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Konferensiyada mamlakatimizning yetakchi tibbiyot mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, AQSH, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Pokiston hamda Qozog‘istondan tashrif buyurgan ekspertlar ishtirok etdilar. Ular tibbiy turizmni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xorijiy bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasidagi ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida tibbiy xizmatlar eksportini kengaytirish, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib etish, xorijiy bemorlarni jalb qilish hamda O‘zbekistonning tibbiy salohiyatini dunyo hamjamiyatiga keng tanitish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, tibbiy turizmni rivojlantirish nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining iqtisodiy samaradorligini oshirish, balki mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur konferensiya yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va O‘zbekistonni mintaqadagi yetakchi tibbiy turizm markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam boʻldi.