04.08.2026
Samarqanddagi kompleks o‘rganishlarning birinchi bosqichi yakunlandi
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ishchi guruhining Samarqand viloyatida olib borayotgan kompleks o‘rganishlarining birinchi bosqichi yakunlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan umumlashtirilgan videoselektor yig‘ilishiga markaz direktori, professor, ishchi guruh rahbari A. Alimov boshchilik qildi.
Yig‘ilishda viloyatning tuman va shahar tibbiyot muassasalarida amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalari atroflicha tahlil qilinib, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inida endokrinologik xizmatni takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va dispanser kuzatuvi samaradorligini oshirish, skrining tadbirlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tibbiyot tizimini raqamlashtirish, elektron axborot tizimlaridan samarali foydalanish, telemeditsina imkoniyatlarini kengaytirish, tibbiyot xodimlarining xalqaro malaka oshirish dasturlaridagi ishtirokini faollashtirish, zamonaviy diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etish hamda boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Muhokamalar davomida ishchi guruh tomonidan joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan aniq tahlillar taqdim etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, o‘rganishlarning asosiy maqsadi mavjud muammolarni qayd etish bilangina cheklanmay, ularning amaliy yechimlarini ishlab chiqish va hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirishdan iborat.
Ayni paytda ishchi guruhning Samarqand viloyatidagi faoliyati davom etmoqda. O‘rganishlarning keyingi bosqichlarida belgilangan vazifalar ijrosi, ilgari surilgan takliflarning amaliy natijalari hamda tibbiyot muassasalarida olib borilayotgan islohotlar izchil monitoring qilinadi.






Back to the list