17.09.2026
Qandli diabet 2-tur — insulin rezistentligi va oshqozon osti bezining β-hujayralari tomonidan insulin sekretsiyasining nisbiy yetishmovchiligi natijasida rivojlanadigan, surunkali giperglikemiya bilan kechuvchi metabolik kasallik.
Kasallikda to‘qimalarning insulinga sezgirligi pasayadi, natijada glyukozaning hujayralarga kirishi buziladi va qonda glyukoza miqdori oshadi. Uzoq davom etgan giperglikemiya mikro- va makrovaskulyar asoratlar rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Asosiy xavf omillari:
* ortiqcha vazn va abdominal semirish;
* kamharakat turmush tarzi;
* irsiy moyillik;
* arterial gipertenziya;
* dislipidemiya;
* noto‘g‘ri ovqatlanish;
* yoshning kattalashishi.
Klinik belgilari: chanqash, tez-tez siyish, holsizlik, ko‘rishning xiralashishi, teri qichishishi va yaralarning sekin bitishi. Biroq kasallik uzoq vaqt belgilarsiz kechishi ham mumkin.
Asoratlari: diabetik retinopatiya, nefropatiya, neyropatiya, diabetik oyoq sindromi, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa qon-tomir asoratlari.
Tashxis qondagi glyukoza, HbA1c (glikozillangan gemoglobin) va zaruratga ko‘ra boshqa laborator tekshiruvlar asosida qo‘yiladi.
Davolashning asosiy maqsadi — glyukemiyani nazorat qilish, asoratlarning oldini olish va bemorning hayot sifatini yaxshilash. Bunda ovqatlanishni tartibga solish, jismoniy faollik, tana vaznini nazorat qilish va shifokor tavsiya qilgan dori vositalari muhim o‘rin tutadi.
Video: